Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmda saylovchilari bilan uchrashdi
- UzPress.info
- Sep 23, 2021
- 1 min read

22 sentyabr kuni UzLiDep partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida Xorazm viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida amalga oshirilgan islohotlar haqida to'xtalib, o'zining saylovoldi dasturini saylovchilarga taqdim etdi. Viloyatda o'tgan besh yilda sanoat, xizmat ko'rsatish va qishloq xo'jaligida qiymati 2 milliard dollarlik 7 mingdan ortiq investitsiya loyihalari amalga oshirildi, 141 ming yangi ish o'rni yaratildi, 80 ta yangi mehmonxona qurildi. Toshsoka irrigatsiya tarmog'ini rekonstruksiya qilish natijasida 191 ming gektar maydonga suv etkazib berila boshlandi, jami 12 ming uy -joy qurildi.
Shuningdek, nomzod kelgusi besh yil uchun o'z dasturini bayon qildi. Xususan, bu davrda mahallalarda tadbirkorlikning keng rivojlanishi hisobiga viloyatda 350 mingdan ziyod yangi ish o'rinlari yaratish rejalashtirilgan. Turistik xizmatlar hajmini kamida 5 barobar oshirish bo'yicha alohida dastur qabul qilinadi. Viloyatda 12 ming gektar paxta va g'alla maydonlari qisqartirilib, ochiq tender asosida aholiga ijaraga beriladi.
Shuningdek, transport, ta'lim, sog'liqni saqlash, ekologiya va boshqa ijtimoiy sohalardagi rejalar e'lon qilindi.
Uchrashuvda so'zga chiqqan partiya vakillari Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo'llab-quvvatlashlarini bildirishdi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida Qoraqalpog'istondagi kabi boshlang'ich sinf o'quvchilarini bepul ovqat bilan ta'minlashga va'da berdi.
Commentaires